Bugungi muammolarni yechish uchun 30 yil oldingi faktlar yaroqsiz!
Dunyodagi har bir mamlakat, oʼzining aholisi va uning yashash holati boʼyicha ishonchli maʼlumotga ega boʼlish maqsadida muntazam ravishda aholini roʼyxatga oladi. Koʼpchilik mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish har besh yoki oʼn yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning koʼplab rivojlangan davlatlarida aholi oʼrtacha har oʼn yilda kamida bir marta roʼyxatdan oʼtkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? Oʼzbekiston hududida ilk bor aholini roʼyxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan soʼng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi roʼyxatga olingan. Ushbu tadbir soʼnggi bor 1989 yilda oʼtkazilib, oʼsha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Аmaldagi joriy hisobga koʼra, 2020 yilning 1 yanvarь holatiga koʼra respublikamiz doimiy aholisi soni 33 905,8 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 17 118,4 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,5 %), qishloq aholisi soni 16 787,4 ming kishini (49,5 %) tashkil etadi. Jami aholimizning 50,2 % ni erkaklar (17 036,1 ming kishi), 49,8 % ni ayollar (16 869,7 ming kishi) tashkil etadi.
2019 yil davomida respublika boʼyicha tugʼilgan bolalar soni 815,9 ming nafarni, vafot etganlar 155,0 ming kishini tashkil etgan. Respublika hududlari kesimida, 2020 yil 1 yanvar holatiga koʼra eng koʼp aholi soni Samarqand viloyatida 3878,0 ming kishini (respublika jami aholisi sonidagi ulushi 11,4 %), Fargʼona viloyatida 3752,0 ming kishini (11,1 %) va Qashqadaryo viloyatida 3280,1 ming kishini (9,7 %) tashkil etdi.
Аholining joriy hisobi boʼyicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik oʼziga xosliklar toʼgʼrisida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.
Mamlakatimizda 1989 yildan keyin hali biror marta ham aholini roʼyxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini oʼrganish va ularga amaliy yordam koʼrsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.
Nihoyat BMT 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga koʼra, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olishni oʼtkazishi belgilab qoʼyildi. Hozir Hamdoʼstlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, Oʼzbekistonda ham! Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish konseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Farmoni bu borada huquqiy asos boʼlib xizmat qilmoqda.
Xonobod shahar statistika boʼlimi